1

Вилоятда жорий йилнинг 15 ноябр ҳолатида жами 5203 та янги тадбиркорлик субъектлари ташкил қилинди. Шундан, 3630 та масъулияти чекланган жамияти, 466 та хусусий корхона, 1061 та оилавий корхона ва 46 та бошқа корхоналар рўйхатдан ўтди.

Тахлилларга кўра сўнги 3 йилда
вилоятда жами 15,5 мингдан зиёд
корхоналар ташкил қилиниб, 36,9 минг
нафар фуқаролар бандлиги таъминланган. Натижада вилоятда кичик бизнеснинг ялпи
ҳудудий маҳсулотдаги улуши 2017 йилдаги 69,8 фоиздан
2020 йилда 76,9 фоизга етди.

Жорий йилнинг июнь ойида хизматлар соҳасини қўллаб-қувватлаш чора-тадбирлари тўғрисидаги
қабул қилган қарорингизга асосан хизмат кўрсатиш йўналишида қиймати
118,5 млрд. сўм, шундан 50,7 млрд. сўмлик банк кредити
маблағлари ҳисобидан 175 та
лойиҳалар молиялаштирилди.

Натижада жорий йилнинг 10 ой якуни билан жами хизматлар
ҳажмида ўсиш суръати 103,5 фоизни ташкил
қилди
. Йил якунига қадар қўшимча 85
млрд.сўмлик қўшимча хизмат кўрсатилиб,
1283 та янги иш ўринлари яратилиши
таъминланади.




Xatlovdan o‘tkazilgan texnik talablar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tegishli vazirlik va idoralar tomonidan barcha texnik talablar (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar va texnik normativlar) xatlovdan o‘tkazildi.

Xatlov yakuniga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ishlatiladigan normativ hujjatlar ro‘yxatlari aniqlandi va shakllantirildi.

Mazkur normativ hujjatlar matnini Siz quyida keltirilgan tashkilotlarning veb-sahifalaridan yuklab olishingiz mumkin.

Tashkilot nomi Normativ hujjat nomi Normativ hujjatga havola
1 Davarxitektqurilish qo‘mitasi Shaharsozlik normalari va qoidalari Havolani oching
2 «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi Ekologiya normalari va qoidalari Havolani oching
3 «Uzstandart» agentligi Standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar Havolani oching
4 Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi qoidalari Havolani oching
5 Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitar normalari va qoidalari Havolani oching



Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 2-maydagi «Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi PQ-1524-sonli hamda 2017-yil 24-maydagi “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3002-sonli Qarorlari bilan tasdiqlangan Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan Komissiyasi tomonidan litsenziyalar beriladi.

Ushbu komissiya tarkibiga Iqtisodiyot va sanoat vazirligining vakili ham a’zo.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (Davgeolqo‘m) tomonodan taqdim etilgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning asosiy texnik-iqtisodiy asoslarining moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini belgilangan tartibda ko‘rib beradi.

Davgeolqo‘mning rasmiy veb-saytida litsenziya olish arizalarida taqdim etiladigan xujjatlar ro‘yxati, kvalikatsion talablar va boshqa ma’lumotlar joylashtirilgan.




Iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish yuzasidan takliflar yig‘ilmoqda

Hurmatli vatandoshlar, tadbirkorlar va xorijiy investorlar!

Shuni ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida 2018 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan quyidagi yo‘nalishlardagi takliflarni tayyorlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

I. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish.

2. Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish.

3. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish. 

4. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqyeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish.

5. Viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish.

II. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish.

2. Aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish.

3. Arzon uy-joylar barpo etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish. 

4. Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish.

5. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Sizdan o‘z takliflaringizni taqdim etishingizni so‘raymiz.

Sizning barcha takliflaringiz Iqtisodiyot vazirligida tashkil etilgan maxsus ishchi guruh tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va hududlardagi haqiqiy ahvolni chuqur tahlil qilgan holda ko‘rib chiqiladi.

Fursatdan foydalanib, barchangizga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz!




Xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash — ustuvor vazifa

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida kichik biznes, ayniqsa, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar tasdiqlangan.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi qaroriga muvofiq, tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Davlat bojxona organlarida tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi tartibi bekor qilindi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-iyuldagi qaroriga muvofiq, xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqi berildi. Bunda har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash imkoniyatining berilishi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan  qo‘shimcha imtiyoz sifatida alohida e’tirof etilmoqda.

Mazkur yengillikdan foydalangan holda joriy yilning o‘tgan davrida 6 ming 400 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha 6 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qo‘shimcha ishchi yollash amaliyoti, ayniqsa, Toshkent shahri, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan keng qo‘llanilayotganini ta’kidlash joiz.

Farmon asosida berilgan yana bir muhim imtiyoz tufayli yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgandan boshlab, o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etilganlar.




Tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish “bir darcha”da amalga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-sentyabrdagi PQ-2412-son qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini tashkil etish tasdiqlandi.

Mazkur qarorga muvofiq, tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari negizida tadbirkorlik subyektlariga “bir darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, vazirlik, davlat qo‘mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan “bir darcha” xizmatlari 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘z faoliyatini tugatadi.

“Bir darcha” markazlari faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

“bir darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibotlaridan o‘tishning shaffofligini ta’minlash;

davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratik g‘ov va to‘siqlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;

ariza beruvchilarga axborot yordami, shu jumladan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul maslahat taqdim etish.

Qaror bilan “bir darcha” markazlarining 8-18 kishidan iborat cheklangan xodimlar soniga ega namunaviy tuzilmasi tasdiqlanib, unga ko‘ra markazlar quyidagi tarkibiy bo‘linmalardan iborat bo‘ladi:

“bir darcha” markazi direktori;

hujjatlarni qabul qilish va taqdim etish bo‘limi (2-3 kishi);

davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi (3-10 kishi);

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektori (1-2 kishi);

telefon xizmati sektori — “call-markaz” (1-2 kishi).

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oylik muddatda “bir darcha” markazlarini yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirishni ta’minlash topshirildi.

Qaror bilan faqatgina “bir darcha” markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan 16 turdagi davlat xizmatlari ro‘yxati tasdiqlandi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash, qurilishga ruxsat olish, yer uchastkalari, ko‘chmas mulkka huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, savdo sohasida ayrim ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va boshqalar.

Shu bilan birgalikda, Vazirlar Mahkamasiga vakolatli vazirlik va idoralar takliflari asosida tasdiqlangan ro‘yxatni yangi turdagi davlat xizmatlari bilan bosqichma-bosqich to‘ldirib borish huquqi berildi.

“Bir darcha” markazlari 2016-yilning 1-yanvaridan kechikmagan holda o‘z faoliyatini boshlashi lozim. Shu vaqtdan e’tiboran vazirliklar, davlat qo‘mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga “bir darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun tadbirkorlik subyektlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri arizalar qabul qilish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun “bir darcha” markazlariga murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlarini ularning arizalarini ko‘rib chiqish jarayoniga taklif etish taqiqlanadi.

Qaror bilan “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning, shu jumladan ro’yxatdan o‘tkazish, ruxsatnoma va litsenziyalar berish tartibotlarining qonunchilik bilan belgilangan tartibini qiyinlashtiruvchi turli shakllarni hamda xususiy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa byurokratik g‘ovlarni qo‘llash qat’iyan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalariga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan mazkur talabga so‘zsiz amal qilinishi bo‘yicha javobgarlik yuklatildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilning 1-noyabriga qadar, “bir darcha” markazlarini 1 Mb/s dan kam bo‘lmagan tezlikda Internetdagi ma’lumotlar uzatishning milliy segmenti tarmog‘iga ulashni ta’minlash topshirildi. Shu bilan birga, Adliya vazirligiga “bir darcha” markazlarining axborot resurslariga kirish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlaridan o‘tish jarayonlarini nazorat qilish imkoniyati taqdim etiladi.

“Bir darcha” markazlari faoliyatini tashkil etish hamda ular orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash maqsadida, qaror bilan joriy yilning 1-oktyabridan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tanlov asosida 2-3 ta tumanida tajriba (sinov) tartibida “bir darcha” markazlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari joriy yilning 15-noyabriga qadar, tashkil etilayotgan barcha “bir darcha” markazlarini ularni muhandislik tarmoqlariga (elektr va suv ta’minoti, telefon aloqasi va hokazo) ulagan holda arizachilar qatnashi uchun eng qulay joyga joylashtirilishini ta’minlaydilar.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-dekabriga qadar, “bir darcha” markazlarining zamonaviy tashkiliy texnikalar, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanganlik holatini xatlovdan o‘tkazib, ularning samarali ishlashi uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jihozlashni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Murojaatning kelib tushish joyi va usulidan qat’i nazar, “bir darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlari idoralararo elektron o‘zaro aloqa tizimidan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishlari belgilab qo‘yildi.

Mazkur tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida, tegishli kompyuter jihozlarini sotib olish va davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlarining tuman (shahar) tizimlarini Internet tarmog‘iga bepul ulash uchun 2015-yil IV choragida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘larni ajratish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur “bir darcha” yagona markazlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-4725-son Farmonida ko‘zda tutilgan edi.




“Yoshlar” telekanalida “Tadbirkor davri” ko‘rsatuvining yangi soni efirga chiqadi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar diqqatiga!

Joriy yilning 24-fevral kuni soat 20:20da va 26-fevral kuni soat 14:30da (takroran) efirga chiqadigan “Tadbirkor davri” ko‘rsatuvining navbatdagi soni biznes-reja va tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlanadi.

Ko‘rsatuv davomida teletomoshabinlar real tadbirkorlar misolida Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Banklar uyushmasi huzurida Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasida biznes-reja tayyorlash tartibi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ko‘rsatuv O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” telekanalida “Tadbirkor davri” nomli doimiy faoliyat yurituvchi tahririyat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik normalarining mazmun-mohiyatini aholi, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida keng tushuntirish maqsadida tayyorlangan. Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan tartibotlar haqidagi interfaol teleko‘rsatuvlar siklini tashkil etish mazkur tahririyatning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Ko‘rsatuvning keyingi soni tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun tijorat banklarida kredit olish bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlanadi.

Mazkur loyiha doirasida turli ruxsat berish tartibotlaridan o‘tish va davlat xizmatlarini olishda tadbirkorlik subyektlari duch keladigan savollar va muammolar bilan tahririyatga murojaat etish imkoniyati beriladi. Ushbu maqsadda quyidagi telefon raqamlari bilan bog‘lanish mumkin:

(0-371) 244-03-84 – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi;

(0-371) 236-05-09 – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

(0-371) 150-60-06 – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Matnda xatolik ko’rsangiz, uni belgilang, Ctrl+Enter tugmalarini bosib, bizga xabar bering, iltimos!




Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish tartibotlarini takomillashtirish yo‘lida

Joriy yilning 17-fevral kuni Toshkent shahri Mirobod tumani hokimligida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilar tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq ma’muriy tartibotlarni soddalashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Seminarda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahri va tumanlar hokimliklari, Toshkent shahri tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi, bojxona boshqarmasi, adliya boshqarmasi, standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi rahbar va mas’ul xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va “O‘ztadbirkoreksport” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “O‘ztadbirkoreksport” kompaniyasi va Toshkent shahri standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash, shu jumladan bojxona tartibotlaridan o‘tish mexanizmini soddalashtirish va zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga “yagona oyna” tamoyilini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlash kerakki, 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda taqdim etiladigan 22 turdagi hujjatning bekor qilinishi, import kontraktlarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish bo‘yicha talabning bekor qilinishi, tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda elektron deklaratsiyalash mexanizmining joriy etilishi, shuningdek tovarlarni ularning amalda bojxona hududiga olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki deklaratsiya taqdim etish yo‘li bilan deklaratsiyalash mexanizmini joriy etish hisobiga tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish tartibotlari sezilarli darajada soddalashtirildi.

Bundan tashqari, eksport operatsiyalarini manfaatdor vazirlik va idoralarning yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda “onlayn” ravishda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tizimi joriy etildi. Hozirgi vaqtda vakolatli organlar tomonidan ruxsatnoma hujjatlarini berish jarayoni Tovarlarni elektron deklaratsiyalashning avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda.

2014-yilning 1-sentyabridan tashqi savdo kontraktlarini vakolatli banklarda hisobga qo‘yish tartibotining bekor qilinishi tadbirkorlik subyektlariga Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni elektron shaklda kiritish imkonini berdi.

Seminar davomida eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tovar va xizmatlarni sertifikatsiyalash tartibotlaridan o‘tish bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama qilindi, shuningdek xalqaro sifat menejmenti tizimlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

O‘z navbatida, seminar ishtirokchilari zaruriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishni to‘liq joriy etish, ma’lum bir vaqt oralig‘ida ekspertiza organlariga takroran murojaat etganda to‘liq hujjatlar paketini taqdim etish talabini bekor qilish orqali bojxona rasmiylashtiruvi tartibotlarini yanada soddalashtirish, shuningdek tovarlar va xizmatlarni sertifikatsiyalashda arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi




Tadbirkorlik faoliyatini tiklash va biznesni tugatish bilan bog‘liq tartibotlarni soddalashtirish masalalari muhokama qilindi

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, odatda, tadbirkorlik subyektlari tomonidan biznesni tashkil etish va rivojlantirishga investitsiya kiritish bilan bog‘liq. Bu jarayonda boshlanayotgan biznes muvaffaqiyatli bo‘ladimi yoki kuchli raqobat muhitida o‘z mavqeiga ega bo‘lish tadbirkorlar kutganidan ko‘ra murakkabroq yoki umuman imkonsiz bo‘ladimi – bu kabi noaniqlik holatlari va risklar to‘laligicha tadbirkorning zimmasiga tushadi. Risklar va bozor konyunkturasi tadbirkorlik subyektlarini o‘z faoliyatlari rentabelligini ta’minlash yoki biznesni tugatish bilan bog‘liq masalalarga duch kelishga majbur qiladi.

Joriy yilning 13-fevral kuni Yashnobod tumani hokimligida tashkillashtirilgan seminar aynan shu masalalarga bag‘ishlanib, unda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahri va tuman hokimliklarining rahbarlari va mutaxassislari, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi, adliya boshqarmasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining Toshkent shahar boshqarmasi, tuman soliq inspeksiyalari xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etishdi.

Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi, davlat soliq boshqarmasi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash, shu jumladan faoliyat yuritmayotgan korxonalar faoliyatini tiklash, to‘lovga qobiliyatsizlikni bartaraf etish, shuningdek korxonani tugatish tartibotlarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonuniga tugatishga doir ish yuritishning ayrim tartibotlaridan o‘tish muddatlarini tezlashtirish, bankrot korxonalar mol-mulklarini yangi ishlab chiqarish tashkil etish maqsadida ishbilarmon mulkdorlarga berishga qaratilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bundan tashqari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratishni ta’minlash maqsadida qonunda qarzdorning faoliyatini to‘xtatmasdan tugatishga doir ish yuritish o‘tkazilishini nazarda tutuvchi norma mustahkamlab qo‘yildi.

Shuningdek, kreditorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni qaytarish kafolatini kuchaytirish maqsadida korxona bankrot deb e’tirof etilganda kreditorlarning talablarini qondirish navbati tartibiga o‘zgartirish kiritish orqali budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar oldidagi talablar bilan kreditorlarning garov bilan ta’minlanmagan talablarini mutanosib ravishda qondirish ko‘zda tutildi.

Seminarda biznesni tugatish va kreditorlar talablarini qondirishda tadbirkorlik subyektlari duch keladigan muammolar batafsil muhokama qilindi, shuningdek ushbu masalalarni huquq doirasida hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

O‘z navbatida, tadbirkorlar kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan korxonalarni tugatish tartibotlarini soddalashtirishni nazarda tutgan holda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish sohasida qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi




Tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kengaymoqda

Joriy yilning 11-fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimligida tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ularga kredit resurslarini ajaratishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tushuntirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari, Toshkent shahar Markaziy bank boshqarmasi, tijorat banklari mas’ul xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda ta’kidlandiki, bank tizimining jami kapitalini oshirish, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmini kengaytirish, banklarning foiz stavkalarini kamaytirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida bank sohasi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning ishonchli tayanchiga aylandi.

Xususan, so‘nggi besh yil davomida kichik biznesni kreditlash hajmi qariyb 5 barobarga ortdi. 2014-yilda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga umumiy miqdori 9,2 trln. so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,3 marta ko‘p kreditlar, shu jumladan 2 trln. so‘mga yaqin yoki 2013-yilga nisbatan 39 foizga ko‘p mikrokreditlar ajratildi. Xalqaro moliya institutlari tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan kredit liniyalarini o‘zlashtirish summasi 1,2 martaga ortib, 157,8 mln. dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston Banklar uyushmasi huzuridagi Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan ham kichik biznes subyektlarining kredit resurslarini olishiga ko‘maklashish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yilda jamg‘arma tomonidan umumiy qiymati 36,2 mlrd. so‘mlik 63 ta loyihani moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

So‘nggi to‘rt yil ichida tadbirkorlik subyektlarining bank muassasalari bilan o‘zaro munosabatlaridagi tartibotlar soddalashtirilgani alohida qayd etib o‘tildi. Jumladan, kichik biznes subyektlaridan tijorat banklarida milliy valyutada hisob raqami ochganlik uchun to‘lov undirish, shuningdek kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda banklar xizmatlari uchun to‘lovlar undirish amaliyoti bekor qilindi, xo‘jalik subyektlari tomonidan savdo va servis sohasida xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar uchun korporativ plastik kartalardan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov terminallari cheklari birlamchi buxgalterlik hujjatlariga tenglashtirildi.

Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlari o‘z xohishlariga ko‘ra bank hisobvaraqlariga masofadan turib xizmat ko‘rsatish tizimi, shu jumladan, “Internet-banking” tizimi orqali soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniga egadirlar. Ayni paytda to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshiruvchi kichik tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lov miqdori 20 foizga kamaytirildi.

Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash: kreditlash” mavzusida prezentatsiya o‘tkazilib, unda kreditlash va garov reyestri bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Seminar ishtirokchilari garov ta’minoti talablarini pasaytirish, shuningdek kredit rasmiylashtirishda zaruriy hujjatlarni (birinchi navbatda, davlat va mahalliy boshqaruv organlari tomonidan beriladigan) notarial tartibda tasdiqlatish tartibotlarini soddalashtirish orqali kichik biznes subyektlariga kredit ajratish shartlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi