
2022 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar
Qoidabuzar haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushadi
Prezident qaroriga asosan Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tartibni nazarda tutuvchi haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi:
har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;
hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;
muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.
Bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi
Prezident farmoniga asosan bojxona ko‘rigi jarayonlarini qamrab olgan mobil elektron tizim ishga tushiriladi. Shuningdek, bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtirilgan holda, «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 40 taga yetkaziladi.
Bundan tashqari, bojxona organlari xodimlari faoliyatini reyting asosida baholash orqali ularni Davlat bojxona qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Bunda:
baholash jarayonlari axborot tizimlari orqali har yarim yil yakuni bo‘yicha amalga oshiriladi;
reyting natijalariga ko‘ra yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarga keyingi baholash yakunlari e’lon qilingunga qadar lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
ID-kartani rasmiylashtirishda ortiqcha hujjatlarni talab qilish amaliyoti bartaraf etiladi
Prezident qaroriga asosan:
fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar aniqlanganligi munosabati bilan yangi identifikatsiyalovchi ID-kartani rasmiylashtirishda ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilingan holda mazkur holatlarni elektron tizim orqali tekshirish;
jinoiy jazoni o‘tab chiqqan fuqarolarga yangi identifikatsiyalovchi ID-kartani rasmiylashtirishda ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni elektron tizim orqali olish tartibi joriy etiladi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi bekor qilinadi
Prezident qaroriga asosan tijorat tashkilotlari faoliyatiga oid bir nechta talablar bekor qilinadi.
Jumladan, quyidagi tashkilotlarga nisbatan ichki audit xizmatlarini tashkil etish talabi bekor bo‘ladi:
mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, bundan aktivlarining balans qiymati BHMning yuz ming barobaridan ko‘p bo‘lgan, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyat, shuningdek, kredit tashkiloti mustasno;
aktivlarining balans qiymati BHMning yuz ming barobaridan kam bo‘lgan, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari.
Shuningdek:
mas’uliyati cheklangan jamiyatning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
mas’uliyati cheklangan jamiyatning yuridik shaxs hisoblangan ishtirokchilari vakillariga umumiy yig‘ilishda ishtirok etish uchun beriladigan ishonchnomani notarial tartibda tasdiqlash;
mas’uliyati cheklangan jamiyatda zaxira jamg‘armasi tashkil etilganda, uning miqdorini ustav fondining (ustav kapitalining) kamida 15 foizi etib belgilash talablari ham bekor qilinadi.