Nizom

5
(1)
image_pdfimage_print

Buxoro viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish bosh boshqarmasining faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida

Nizom

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Buxoro viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda — Bosh boshqarma) maqomi, vazifalari, funksiyalari, vakolatlari hamda tashkiliy asoslarini, shuningdek, rahbarlarining funksional majburiyatlari va  mas’uliyatini belgilaydi.

2. Bosh boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4653-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.

3. Bosh boshqarma viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlanish sohasidagi, shuningdek, viloyatning kambag‘allikni qisqartirish va investisiya siyosati strategiyasini ishlab chiqish, amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

4. Bosh boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi buyruqlariga, Buxoro viloyat hokimining qaror va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

5.Bosh boshqarmaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan va me’yoriy-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mulkchilik va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’iy nazar, ijro etilishi majburiydir.

6. Bosh boshqarma yuridik shaxs bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘zining nomi bitilgan muhriga ega.

Bosh boshqarmaning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi – Buxoro viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi;

qisqa nomi – Buxoro viloyat Iqtisodiy taraqqiyot bosh boshqarmasi.

b) rus tilida:

to‘liq nomi – Главное управление экономического развития и сокращения бедности  Бухарской  области;

qisqa nomi – Главное управление экономического развития Бухарской области.

d) ingliz tilida:

to‘liq nomi – Main department of economic development and poverty reduction of Bukhara region;

qisqa nomi – Main department of economic development of  Bukhara region.

6. Bosh boshqarma quyidagi manzilda joylashgan: Buxoro shahri,

I.Mo’minov ko‘chasi, 1-uy.

2-bob. Bosh boshqarmaning tuzilishi

7. Bosh boshqarma quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Bosh boshqarma;

tumanlar va shaharlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda — Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari);

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmasi;

Kichik sanoat zonalari direksiyasi.

8. Bosh boshqarma Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga hamda Buxoro viloyat hokimligiga bo‘ysunadi.

Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari Bosh boshqarmaga hamda tegishliligiga ko‘ra tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysunadi.

3-bob. Bosh boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarining asosiy vazifa va funksiyalari

§1. Bosh boshqarmaning vazifalari va funksiyalari

9. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, industrial rivojlanishi, kambag‘allikni qisqartirishning istiqbolli ustuvor strategik yo‘nalishlari, uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlar va hududlarni kompleks rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, iqtisodiyot tuzilmasini diversifikasiya qilish dasturlari asosida hududning sanoat salohiyatini va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish;

hududning tabiiy xom ashyo va mehnat resurslarini hamda “nisbiy ustunligi”ni inobatga olgan holda ularni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo‘nalishlarni belgilab olish hamda amalga oshirish;

shahar va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida shaharlarning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojini prognoz qilish va shu asosda urbanizasiya ko‘lamlarini belgilash — mavjud shaharlarni kengaytirish yoki yo‘ldosh shaharchalarni yaratish yuzasidan takliflar tayyorlash;

agrar sektorda tuzilmaviy o‘zgartirishlar, qishloq xo‘jaligi xom ashyosini qayta ishlash sohalarini chuqur tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish;

hududlarda sanoat zonalarini tashkil etish, ularni joylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

ilg‘or xorijiy tajribalar asosida hududlarni rivojlantirishning milliy metodologik asoslari va yondashularini ishlab chiqish va takomilashtirish.

10. Bosh boshqarma o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

a) makroiktisodiy ko‘rsatkichlarni tizimli tahlil qilish va rejalashtirish sohasida:

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tizimli tahlil qilib boradi;

nomutanosibliklar, mavjud zaxiralar va ishlab chiqarishga jalb qilinmagan mineral xom ashyo resurslari, mehnat va ishlab chiqarish salohiyatini aniqlaydi;

viloyatni rivojlantirish maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, hududlar iqtisodiyotini isloh qilish, barqaror va muvozanatli rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

hududlarni kompleks rivojlantirish, shuningdek, hududlar iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish va diversifikasiya qilishni chuqurlashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqadi;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati, hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarni va prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi;

asosiy turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarini o‘rganish, shuningdek, ularni muvofiqlashtirish va ta’sirchan  choralar belgilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

b) kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida:

tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring olib boradi;

aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ularning daromadlari o‘sishini va xarid qobiliyatini oshirishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

aholining alohida qatlamlarini manzilli himoya qilish va qo‘llab- quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har bir mahalla kesimida o‘rgangan holda, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish choralarini ko‘radi;

faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tiklash va ishlab turgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

tuman va shaharlar iqtisodiyoti o‘sishiga turtki beradigan soha va yo‘nalishlarni belgilash va tadbirkorlikni shu sohalarda rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida tadbirkorlikka va kasb-hunar egallashga qiziqishi bor fuqarolarni o‘qitishni tashkil qiladi. Bu jarayonlarga katta yutuqlarga erishgan tadbirkorlarni, nodavlat tashkilotlarni faol jalb qiladi, master klasslar (namuna darslari) va treninglar tashkil etadi;

tijorat banklari bilan hamkorlikda tayyor biznes loyihalarni ishlab chiqadi, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga taqdim etadi;

mahallalarda vaqtincha bo‘sh turgan yer maydonlari va binolarni tadbirkorlikka ishtiyoqi bo‘lgan  fuqarolarga “nol’” stavkada ijaraga berish ishlarini tashkil etadi;

tadbirkolik faoliyatini boshlagan fuqarolar tomonidan ishlab chiqarilgan maqsulotlarni sotish bo‘yicha bozorlar topishga ko‘maklashadi;

investisiya loyihalari doirasida yaratiladigan ish o‘rinlarini sohalar, kasblar kesimida doimiy yangilab boriladigan ma’lumotlar bazasini shakllantirishni tashkil qiladi;

tomorqasidan foydalanish layoqati bo‘lmagan fuqarolarga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda tomorqa xo‘jaliklarini yuritishda ko‘maklashish ishlarini tashkil qiladi (erlarni chopish, sug‘orish, ekin ekish v.b.);

d) qishloq xo‘jaligi sohasida:

agrar sektorda tuzilmaviy o‘zgartirishlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini maqbul joylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirishda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlarini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

e) ijtimoiy soha va inson kapitalini rivojlantirish sohasida:

hududning demografik holati, mehnat resurslari va uning tarkibi, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalari soni, ularning xizmat ko‘rsatish sifati va aholini qamrab olish darajasi, oliy ma’lumotlilar ulushi va migratsiyasi va boshqa muhim ko‘rsatkichlarning statistik va informasion bazasini shakllantiradi;

inson kapitalini ko‘paytirish va undan unumli foydalanish orqali viloyat iqtisodiy rivojlanish salohiyatini oshirish, shuningdek, o‘rta va uzoq muddatlarda mintaqaviy rivojlanish tendensiyalari tahlili asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va boshqa ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha hududiy strategiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida davlat va xususiy manbaalarni ijtimoiy jihatdan optimal yo‘naltirilishi uchun sharoit yaratish va bunda bozor mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

tuman (shahar) va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida tuman (shahar)larning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini prognoz qilish va shu asosda hududlarni rivojlantirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

hududlarda, xususan qishloq joylarda ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida tor doiradagi mutaxassislarga (tabiiy va aniq fanlar o‘qituvchilari, terapevt, pediatr va boshqalar) bo‘lgan yuqori ehtiyojdan kelib chiqib maqsadli kadrlar tayyorlash natijasida barcha hududlarda ijtimoiy soha muassasalarining sifat jihatdan o‘zaro muvozanatini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda taklif beradi;

ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash tizimida axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali sohalardagi tendensiyalarni kuzatib borish, yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash kelgusi modellashtirish mexanizmlarini vazirlik bilan birgalikda joriy etib boradi;

inson kapitalini rivojlantirish, aholining bandlik darajasi va tuzilmasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha, shuningdek demografik jarayonlar dinamikasi to‘g‘risidagi tahliliy materiallarni hisobot davri uchun tayyorlaydi;

mehnat bozorini rivojlantirish va tartibga solish, aholi bandligini ta’minlash, demografik omillarni va hudud iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ishga joylashtirishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini barpo qilish dasturi loyihasini shakllantirish uchun mehnat resurslariga talab va taklif muvozanatining prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;

inson kapitalini rivojlantirish yuzasidan xalqaro tashkilotalarning, xususan BMT tarkibidagi tashkilotlar (United Nations Development Programme, World Health Organization, International Labour Organization va boshqalar) tavsiyanomalarini doimiy ravishda o‘rganib boradi va lozim bo‘lganda hududda tadbiq etish bo‘yicha taklif kiritadi;

hududiy bosh boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarida inson kapitalini rivojlantirish indeksi (Human Development Index (HDI), xususan xodimlarning ilmiy salohiyati, bilim va ko‘nikmalari, salomatlik ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlarni tayyorlaydi;

f) sanoatni, jumladan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish sohasida:

hududlar sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, mineral xom ashyo resurslarini yanada chuqur qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqadi;

hududiy rivojlanish dasturlarini shakllantirish va ularni amalga oshirish, yangi quvvatlarni tashkil qilish va mavjudlarini modernizasiya qilish ustidan doimiy monitoringni amalga oshiradi;

eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini investisiya va sanoatni rivojlantirish dasturlariga kiritish, xususan ularni ilg‘or resurs tejamkor va energiya samarador texnologiyalar asosida modernizasiya, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

hududlarda sanoat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investisiya loyihalari, O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti va Hukumatining qarorlari, shu jumladan hududiy rivojlanish, yangi quvvatlarni tashkil qilish va mavjudlarini modernizasiya qilish dasturlari bajarilishini doimiy tahlil qiladi va monitoringini amalga oshiradi;

sanoatda foydalanishga qayta tiklanadigan, shu jumladan muqobil va past sifatli yoqilg‘ilarni ishlatadigan energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

hudud sanoatining rivojlanish holati, shu jumladan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, kooperatsiya jarayonlarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi;

g) sanoat zonalarini rivojlantirish sohasida:

sanoat zonalari hududida joylashtirish uchun ma’muriy kengash qarorlariga asosan taqdim etilgan investisiya loyihalarini tanlash bo‘yicha tanlov amalga oshirish ustidan doimiy monitoring o‘rnatadi;

sanoat zonalari hududida loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarishni tashkil qilish ustidan monitoring o‘rnatish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

sanoat zonalari jozibadorligini oshirish va ishtirokchilar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

tadbirkorlik nisbatan yaxshi rivojlangan  va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

h) davlat ishtirokidagi korxonalarni transformasiya qilish borasida:

hudud iqtisodiy o‘sishiga ta’siri nuqtai nazaridan samaradorligi past bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash asosida davlat ishtiroki mavjud tarmoq va korxonalarni isloh qilish  va hudud iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

i) davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasida:

hududni kompleks rivojlantirish maqsadida investisiyalarni jalb qilish uchun ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash orqali hududiy investisiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

iqtisodiy o‘sish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratishga qaratilgan investisiya siyosatini amalga oshirish, ish joylarini tashkil etish va hududni barqaror rivojlantirishni ta’minlovchi infratuzilmaning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beradi;

j) maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va infratuzilmani rivojlantirish sohasida:

hududlarni qurilish, yo‘l-transport, kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish holatini tizimli va kompleks tahlil qiladi;

hududlarda yo‘l-transport, kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hududiy investisiya dasturlari, investitsiya loyihalari, O‘zbekiston  Respublikasi  Xukumatining qarorlarini  shakllantiradi va uning bajarilishi ustidan doimiy monitoring amalga oshiradi;

ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni, jumladan kommunal sohani (suv ta’minoti, kanalizasiya, issiqlik manbai, sanitar tozalash) rivojlantirish bo‘yicha tegishli dasturlarga kiritish uchun takliflar ishlab chiqadi;

qurilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilishi natijalari haqida tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi;

hududlarda iqtisodiy organlar faoliyatiga zamonaviy axborot- kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

shahar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini, shuningdek, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini bajaradi;

k) urbanizatsiya siyosatini yuritish sohasida:

shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqish va amalga oshirilishini monitoring qilish;

ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish;

ko‘p kvartirali uy-joylarni joylarni muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan birgalikda qurishni inobatga olgan holda urbanizasiya jarayonlarini samarali tartibga solishni ta’minlash;

yer uchastkalariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

jadal sanoatlashtirish sharoitida shaharlarning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini prognoz qilish va shu asosda urbanizasiya ko‘lamlarini belgilash — mavjud shaharlarni kengaytirish yoki yo‘ldosh shaharchalarni yaratish yuzasidan takliflar tayyorlash;

yangi barpo etiladigan yo‘ldosh shaharlar aholisining yashash sharoiti darajasini yanada oshirish hamda bosh reja ishlab chiqilishida faol ishtirok etish;

ijtimoiy, muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalari mavjud yo‘ldosh-shaharlar bunyod etilishini hisobga olgan holda shahar aglomeratsiyalarini shakllantirishni boshqarish;

uy-joy qurilish bozorini ipoteka kreditlari orqali rivojlantirish hamda mavjud uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

l) jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy aloqalarni faollashtirish sohasida:

hududni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasidan, shu jumladan o‘rta va uzoq muddatli tashqi iqtisodiy muvozanatligini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib, xalqaro iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

xorijiy davlat hududlari bilan o‘zaro hamkorlik rivojlantirish, mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

m) vazirlik va idoralarning barcha hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:

makroiqtisodiy siyosat, iqtisodiy va ijtimoiy rejalashtirish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tuzilmaviy islohotlarni amalga oshirish sohasida vazirlik va idoralarning barcha hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

hududlarda kambag‘allikni qisqartirish borasida ishlab chiqiladigan dasturlar, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni muvofiqlashtiradi;

hududlarda sanoat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari, investitsiya dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari, investitsiya loyihalari bajarilishini doimiy tahlil qiladi va monitoringini amalga oshiradi;

mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, hududlararo hamkorlik forum yakunlari bo‘yicha investisiya va savdo-iqtisodiy shartnomalar bajarilishini doimiy tahlil qiladi va monitoringini amalga oshiradi;

vazirlik va idoralarning barcha hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining davlat dasturlari, investitsiya dasturlari, sanoatni rivojlantirish dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari, investisiya loyihalarini amalga oshirishda o‘zaro samarali faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

11. Bosh boshqarma to‘g‘risidagi nizom va shtatlar jadvallari Vazirlik bilan kelishilgan holda viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadi.

§2. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari vazifalari va funksiyalari

12. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlarining asosiy vazifalari:

tuman (shahar) iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasini tizimli tahlil qilishda qatnashish, nomutanosibliklarni, zaxiralarni aniqlash va mineral xom ashyo, ishchi kuchi va ishlab chiqarish salohiyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish;

tuman (shahar)ning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha viloyat va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategik ustuvor yo‘nalishlaridan, qisqa va o‘rta muddatli rejalar va kompleks rivojlantirish dasturlaridan, hududlar iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, chuqurlashtirish va diversifikasiya qilish maqsadlaridan kelib chiqqan holda tarmoq tuzilmalari bilan birgalikda dasturlar va boshqa chora-tadbirlar ishlab chiqishda ishtirok etish;

muhandislik, yo‘l-transport va kommunikasiya infatuzilmalarini jadal rivojlantirish, transport xizmatlarini yanada takomillashtirish, uy-joy kommunal xizmatlarini ko‘rsatish darajasi va sifatini yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dasturlar va boshqa chora-tadbirlar ishlab chiqishda ishtirok etish;

qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini optimal joylashtirish, agrar sektorda tarkibiy o‘zgartirishlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;

ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish hisobiga band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish va yashash sharoitlarini yaxshilash, aholi uchun tibbiy, ma’rifiy va ijtimoiy-madaniy xizmatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

tuman (shahar)da sanoat zonalarini tashkil etish, ularni joylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

13. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari o‘zlariga yuklatilgan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

a) asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tizimli tahlil qilish va prognozlash sohasida:

tumanlar (shaharlar)ning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish darajasini tizimli tahlil qiladi;

mavjud nomutanosibliklar, zaxiralar va ishlab chiqarishga jalb qilinmagan mineral xom ashyo resurslari, mehnat va ishlab chiqarish salohiyatini aniqlaydi;

hududlarni rivojlantirish maqsadlariga va ustuvor yo‘nalishlariga asoslanib iqtisodiyotni isloh qilish, barqaror va muvozanatli rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

tumanlar (shaharlar)ni kompleks rivojlantirish, shuningdek, tumanlar (shaharlar) iqtisodiyotining tarkibiy islohotlarini chuqurlashtirish va diversifikasiya qilish bo‘yicha qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqadi;

tumanlar (shaharlar)ning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati, tasdiqlangan kompleks rivojlantirish dasturlarini va tumanlar (shaharlar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy  ko‘rsatkichlari prognozlarining bajarilishi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi;

b) kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida:

tegishli korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring olib boradi;

aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ularning daromadlari o‘sishini va xarid qilish qobiliyatini oshirishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

aholining alohida qatlamlarini manzilli himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har bir mahalla kesimida o‘rgangan holda, ularda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish choralarini ko‘radi;

faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tiklash va ishlab turgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

tuman va shaharlar iqtisodiyoti o‘sishiga turtki beradigan soha va yo‘nalishlarni belgilash va tadbirkorlikni shu sohalarda rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida tadbirkorlikka va kasb-hunar egallashga qiziqishi bor fuqarolarni o‘qitishni tashkil qiladi. Bu jarayonlarga katta yutuqlarga erishgan tadbirkorlarni, nodavlat tashkilotlarni faol jalb qiladi, master klasslar (namuna darslari) va treninglar tashkil etadi;

tijorat banklari bilan hamkorlikda tayyor biznes loyihalarni ishlab chiqadi, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga taqdim etadi;

mahallalarda vaqtincha bo‘sh turgan yer maydonlari va binolarni tadbirkorlikka ishtiyoqi bo‘lgan  fuqarolarga “nol’” stavkada ijaraga berish ishlarini tashkil etadi;

tadbirkolik faoliyatini boshlagan fuqarolar tomonidan ishlab chiqarilgan maqsulotlarni sotish bo‘yicha bozorlar topishga ko‘maklashadi;

investisiya loyihalari doirasida yaratiladigan ish o‘rinlarini sohalar, kasblar kesimida doimiy yangilab boriladigan ma’lumotlar bazasini shakllantirishni tashkil qiladi;

tomorqasidan foydalanish layoqati bo‘lmagan fuqarolarga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda tomorqa xo‘jaliklarini yuritishda ko‘maklashish ishlarini tashkil qiladi (erlarni chopish, sug‘orish, ekin ekish v.b.);

d) qishloq xo‘jaligi sohasida:

qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini maqbul joylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirishda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

e) inson kapitalini rivojlantirish sohasida:

hududning demografik holati, mehnat resurslari va uning tarkibi, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalari soni, ularning xizmat ko‘rsatish sifati va aholini qamrab olish darajasi, oliy ma’lumotlilar ulushi va migratsiyasi va boshqa muhim ko‘rsatkichlarning statistik va informasion bazasini shakllantiradi;

inson kapitalini ko‘paytirish va undan unumli foydalanish orqali viloyat iqtisodiy rivojlanish salohiyatini oshirish, shuningdek, o‘rta va uzoq muddatlarda mintaqaviy rivojlanish tendensiyalari tahlili asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va boshqa ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha hududiy strategiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida davlat va xususiy manbaalarni ijtimoiy jihatdan optimal yo‘naltirilishi uchun sharoit yaratish va bunda bozor mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

tuman (shahar) va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida tuman (shahar)larning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini prognoz qilish va shu asosda hududlarni rivojlantirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

hududlarda, xususan qishloq joylarda ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida tor doiradagi mutaxassislarga (tabiiy va aniq fanlar o‘qituvchilari, terapevt, pediatr va boshqalar) bo‘lgan yuqori ehtiyojdan kelib chiqib maqsadli kadrlar tayyorlash natijasida barcha hududlarda ijtimoiy soha muassasalarining sifat jihatdan o‘zaro muvozanatini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda taklif beradi;

ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash tizimida axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali sohalardagi tendensiyalarni kuzatib borish, yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash kelgusi modellashtirish mexanizmlarini vazirlik bilan birgalikda joriy etib boradi;

inson kapitalini rivojlantirish, aholining bandlik darajasi va tuzilmasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha, shuningdek demografik jarayonlar dinamikasi to‘g‘risidagi tahliliy materiallarni hisobot davri uchun tayyorlaydi;

mehnat bozorini rivojlantirish va tartibga solish, aholi bandligini ta’minlash, demografik omillarni va hudud iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ishga joylashtirishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini barpo qilish dasturi loyihasini shakllantirish uchun mehnat resurslariga talab va taklif muvozanatining prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;

inson kapitalini rivojlantirish yuzasidan xalqaro tashkilotalarning, xususan BMT tarkibidagi tashkilotlar (United Nations Development Programme, World Health Organization, International Labour Organization va boshqalar) tavsiyanomalarini doimiy ravishda o‘rganib boradi va lozim bo‘lganda hududda tadbiq etish bo‘yicha taklif kiritadi;

hududiy bosh boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarida inson kapitalini rivojlantirish indeksi (Human Development Index (HDI), xususan xodimlarning ilmiy salohiyati, bilim va ko‘nikmalari, salomatlik ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlarni tayyorlaydi;

f) sanoatni, jumladan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish sohasida:

hududlar sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, mineral xom ashyo resurslarini yanada chuqur qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqadi;

hududiy rivojlanish dasturlarining sanoat salohiyati qismini shakllantirish va ularni amalga oshirish, yangi quvvatlarni tashkil qilish va mavjudlarini modernizasiya qilish ustidan doimiy monitoringni amalga oshiradi;

eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini investisiya va sanoatni rivojlantirish dasturlariga kiritish, xususan ularni ilg‘or resurs tejamkor va energiya samarador texnologiyalar asosida modernizasiya, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

hududlarda sanoat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investisiya loyihalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari, shu jumladan hududiy rivojlanish, yangi quvvatlarni tashkil qilish va mavjudlarini modernizasiya qilish dasturlari bajarilishini doimiy tahlil qiladi va monitoringini amalga oshiradi;

sanoatda foydalanishga qayta tiklanadigan, shu jumladan muqobil va past sifatli yoqilg‘ilarni ishlatadigan energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

hudud sanoatining rivojlanish holati, shu jumladan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, kooperatsiya jarayonlarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi;

g) sanoat zonalarini rivojlantirish sohasida:

sanoat zonalari hududida loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarishni tashkil qilish ustidan monitoring o‘rnatish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

sanoat zonalari jozibadorligini oshirish va ishtirokchilar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

h) davlat ishtirokidagi korxonalarni transformasiya qilish borasida hudud iqtisodiy o‘sishiga ta’siri nuqtai nazaridan samaradorligi past bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash asosida davlat ishtiroki mavjud tarmoq va korxonalarni isloh qilish  va hudud iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

i) davlat investisiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasida:

hududni kompleks rivojlantirish maqsadida investitsiyalarni jalb qilish uchun ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash orqali hududiy investisiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

iqtisodiy o‘sish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratishga qaratilgan investisiya siyosatini amalga oshirish, ish joylarini tashkil etish va hududni barqaror rivojlantirishni ta’minlovchi infratuzilmaning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beradi;

j) maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va infratuzilmani rivojlantirish sohasida:

tuman (shahar)da yo‘l-transport, kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hududiy investisiya dasturlari, investisiya loyihalari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini shakllantirish va bajarilishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshiradi;

ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni, jumladan kommunal sohani (suv ta’minoti, kanalizasiya, issiqlik manbai, sanitar tozalash) rivojlantirish bo‘yicha tegishli dasturlarga kiritish uchun takliflar ishlab chiqadi;

hududlarda iqtisodiy organlar faoliyatiga zamonaviy axborot- kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.

k) urbanizatsiya siyosatini yuritish sohasida:

ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish;

ko‘p kvartirali uy-joylarni joylarni muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan birgalikda qurishni inobatga olgan holda urbanizatsiya jarayonlarini samarali tartibga solishni ta’minlash;

yer uchastkalariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

ijtimoiy, muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalari mavjud yo‘ldosh-shaharlar bunyod etilishini hisobga olgan holda shahar aglomeratsiyalarini shakllantirishni boshqarish;

uy-joy qurilish bozorini ipoteka kreditlari orqali rivojlantirish hamda mavjud uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

14. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari to‘g‘risidagi nizomlar va shtatlar jadvallari viloyat hokimligi va Bosh boshqarma bilan kelishilgan holda tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.

4-bob. Bosh boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarining huquq va majburiyatlari

§1. Bosh boshqarmaning huquq va majburiyatlari

15. Bosh boshqarma qo‘yidagi huquqlarga ega:

yuklatilgan vazifalarni sifatli amalga oshirish uchun hokimlikning tarkibiy bo‘linmalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari hamda boshqa tashkilotlardan ma’lumotlar so‘rash;

iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berish;

Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari, shuningdek ilmiy tashkilotlarning malakali mutaxassislarini axborot-tahliliy materiallar va dasturiy hujjatlarni tayyorlashga jalb qilish.

16. Bosh boshqarma quyidagilarga majbur:

qonunchilik hujjatlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlari, shuningdek, Bosh boshqarmaga yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda bajarilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish;

hududlarni rivojlantirish dasturlarining tegishli respublika dasturlari va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlariga uzviy bog‘lagan holda o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilishini ta’minlash;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy va sanoatning rivojlanish tendensiyalari, hududiy rivojlanish dasturlari va prognozlarining ijrosi to‘g‘risidagi ob’ektiv tahliliy ma’lumotlarni Vazirlikka taqdim etish.

§2. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari huquq va majburiyatlari

17. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari quyidagi huquqlarga ega:

yuklatilgan vazifalarni sifatli amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborot materiallarini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari va boshqa tashkilotlardan so‘rash va olish;

iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘linmalari, shuningdek ilmiy tashkilotlarning malakali mutaxassislarini axborot-tahliliy materiallar va dasturiy hujjatlarni tayyorlashga jalb qilish.

18. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari quyidagilarga majbur:

qonunchilik hujjatlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri va uning o‘rinbosarlari, Bosh boshqarma rahbariyati tomonidan  berilgan topshiriqlarni, shuningdek, bo‘limga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda bajarilishi ustidan ta’sirchan nazorat olib borish;

hududiy rivojlanish dasturlarini tegishli respublika dasturlari va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlariga uzviy bog‘lagan holda ishlab chiqish uchun materiallarni tayyorlash tartibi, metodologiyasi, qoidalari va muddatlariga rioya qilish;

hududlarni rivojlantirish dasturlari va prognozlari ijrosining borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda boshqa so‘ralgan materiallarni ko‘rib chiqish uchun tuman (shahar) hokimi, Bosh boshqarmaga taqdim etishda muddatlilik, majmuaviylik va sifatni ta’minlash.

5-bob. Bosh boshqarma rahbariyatining funksional majburiyatlari

19. Yuklatilgan vazifalarga muvofiq Bosh boshqarma, Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlariga quyidagi funksional majburiyatlar yuklatiladi:

a) Bosh boshqarma boshlig‘i:

Bosh boshqarma faoliyatini, jumladan bo‘lim boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari va mutaxassislarining yuklatilgan vazifa va funksiyalarga muvofiq ishlarini tashkil etadi;

Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;

hududning rivojlanish holatini sifatli baholashni olib boradi va Vazirlik rahbariyatiga uni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar va amalga oshirish mexanizmlarini kiritadi;

belgilangan tartibda boshqa vazifalarni bajaradi;

b) Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i:

bo‘lim faoliyatini o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq tashkil etadi;

bo‘lim mutaxassislari o‘rtasida topshiriqlarni tarqatadi, shuningdek, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qiladi;

Bosh boshqarma bilan doimiy hamkorlikni amalga oshiradi;

tizimli asosda hudud iqtisodiyoti va sanoatining rivojlanish darajasini tahlil qiladi;

bo‘lim vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda Bosh boshqarma va tuman (shahar) hokimiga taqdim etadi;

Bosh boshqarmaga xodimlarni rag‘batlantirish va bo‘lim xodimlariga intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritadi;

belgilangan tartibda boshqa vazifalarni bajaradi.

6-bob. Bosh boshqarma rahbariyatining javobgarligi

20. Bosh boshqarma boshlig‘i quyidagilar uchun mas’ul:

qonunchilik hujjatlarini, Vazirlik rahbariyatining topshiriqlarini hamda ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning o‘z muddatida va sifatli bajarilishi;

tegishli Respublika dasturlari va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlari bilan uzviy bog‘lagan holda hududlarni rivojlantirish dasturlarini belgilangan tartibda ishlab chiqilishini ta’minlash;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risidagi ob’ektiv tahliliy ma’lumotlarni Vazirlikka o‘z vaqtida taqdim etish;

amalga oshirilgan hududiy dasturlarning hududlarni ijtimoiy- iqtisodiy va sanoatni rivojlantirishga ta’sirining natijadorligi;

hududlarni rivojlantirish bo‘yicha yuklatilgan vazifalarning sifatli va o‘z muddatida bajarilishini ta’minlash.

21. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari quyidagilar uchun mas’ul:

qonunchilik hujjatlari, Vazirlik va Bosh boshqarma topshiriqlarini, shuningdek, yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning o‘z muddatida va sifatli bajarish hamda bajarilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish;

tegishli respublika dasturlari va tarmoqlarni rivojlantirish dasturi bilan uzviy bog‘lagan holda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishning tartibi, uslubiyoti, tamoyillari va muddatlariga rioya etish;

ko‘rib chiqish uchun Bosh boshqarmaga taqdim etiladigan tahliliy ma’lumotlarning o‘z vaqtidaligi, majmuaviyligi va sifatini ta’minlash;

hokimliklar rahbarlari bilan birga tumanlar (shahar)ning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishning natijalari.

7-bob. Bosh boshqarma faoliyatini tashkillashtirish

§1. Bosh boshqarma rahbariyati va mutaxassislari

22. Lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish quyidagicha amalga oshiriladi:

Bosh boshqarmaning boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari — viloyat hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri bilan kelishilgan holda;

Bosh boshqarmaning bo‘lim boshliqlari va uning o‘rinbosarlari, mutaxassislar bevosita bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan;

Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari — tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan Bosh boshqarma boshlig‘ining tavsiyanomasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri bilan kelishilgan holda;

Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari o‘rinbosarlari va  mutaxassislari – Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari bilan kelishilgan holda.

§2. Bosh boshqarma bo‘limlarining tumanlar (shaharlar) bo‘limlari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi

23. Bosh boshqarma bo‘limlari tumanlar (shaharlar) bo‘limlari bilan quyidagi masalalar bo‘yicha uzviy hamkorlikni amalga oshiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Vazirlik va Bosh boshqarmaning rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  va viloyat xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari so‘rovlarining o‘z vaqtida bajarilishini, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning o‘z muddatida ko‘rib chiqilishini ta’minlash;

tumanlar (shaharlar) bo‘limlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining bo‘linmalari bilan mintaqalarni rivojlantirish bo‘yicha prognozlar va dasturlarni ishlab chiqishda sektoral rivojlanish dasturlari bilan o‘zaro aloqalarini ta’minlash;

hududiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha tumanlar (shaharlar) bo‘limlari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, hududlarning izchil va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, hududlarning tabiiy va iqtisodiy resurslaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish kuchlarini optimal taqsimlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda, iqtisodiyot tuzilmasida nomutanosibliklarni bartaraf etishni ta’minlash;

asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasining tizimli monitoringini olib borish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish, ularni amalga oshirishda tizimli muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha takliflarni o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqish;

davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqish va kelishish uchun taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekspertiza qilish va ular bo‘yicha xulosalar tayyorlash;

Bosh boshqarma, tuman (shahar) bo‘limlarining faoliyati samaradorligini tahlil qilish va baholash;

tuman (shahar)ning ijtimoiy-iqtisodiy va sanoat rivojlanishi darajasini baholash uchun me’zonlar tizimini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy va sanoat rivojlanishi darajasida differensiyasiyani kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy va sanoat rivojlanishi darajasida differensiyani kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

§3. Bosh boshqarmaning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik tartibi

24. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish sohasida Bosh boshqarma:

o‘z vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha takliflar tayyorlashda va taqdim etishda belgilangan tartibda ishtirok etadi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi nomutanosibliklarni bartaraf etish, iqtisodiyot tuzilmasini takomillashtirish, ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish, shuningdek, Bosh boshqarma vakolatiga taalluqli boshqa masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan hamkorlik qiladi.

8-bob. Bosh boshqarma faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish

25. Bosh boshqarma faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

26. Bosh boshqarma xodimlarining ish haqlari qonunchilikda ko‘zda tutilgan lavozim maoshi, mukofot pullari, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va rag‘batlantirish to‘lovlaridan tashkil topadi.

Bosh boshqarma, tuman va shahar bo‘limlari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffisientini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffisientlarda):

1 dan 3 yilgacha — 0,3;

3 dan 5 yilgacha — 0,6;

5 dan 10 yilgacha — 0,8;

10 dan 15 yilgacha — 1,0;

15 dan 20 yilgacha — 1,2;

20 dan yuqori — 1,5.

Ko‘p yillik ishlaganlik uchun ustama olish huquqini beruvchi ish staji Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi.

27. Bosh boshqarma, tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini saqlash va moliyalashtirish (shu jumladan, moddiy rag‘batlantirish va ko‘p yillik xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish) viloyat, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan viloyat, tumanlar (shaharlar) hokimliklari xodimlari uchun belgilanadigan tartib va shartlar asosida viloyat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini moliyalashtirish-hisobot ishlari Bosh boshqarma tomonidan yuritiladi.

9-bob. Bosh boshqarmaning hisobdorligi

28. Bosh boshqarma tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ma’lumotlarini umumlashtirish va har tomonlama chuqur tahlil qilish asosida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha hisobotlarni Vazirlik har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

29. Har chorak yakuni bo‘yicha Bosh boshqarma mos hisobot davri uchun mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha press-relizni o‘zining veb-saytida chop etishni amalga oshiradi.

30. Bosh boshqarma har chorakda, Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari ma’lumotlari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining ma’lumotlarini umumlashtirish va chuqur tahlil qilish asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tasdiqlangan prognoz va maqsadli parametrlari bajarilishining borishi hamda aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risidagi umumlashgan tahliliy ma’lumotlarni ularni bartaraf etish bo‘yicha asoslangan takliflar bilan viloyat hokimligiga kiritadi.

31. Bosh boshqarmaning tuman (shahar) bo‘limlari hududlarni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirishning tasdiqlangan prognoz va maqsadli parametrlari bajarilishining borishini har tomonlama chuqur o‘rganish va tahlil qilish asosida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha asoslangan takliflar to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlarni har chorakda Bosh boshqarmaga, tuman (shahar) hokimliklariga kiritadi.

10-bob. Yakuniy qoidalar

32. Bosh boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Матнда хатолик топсангиз, уни белгилаб Ctrl+Enter. тугмаларини босинг!

Бу пост канчалик фойдали булди?

Бахолаш учун юлдузни босинг!