1

Prezident: Masala avvalo mahallada hal bo‘lsagina odamlar rozi bo‘ladi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olot tumani markazida Olot, Qorako‘l, Jondor va Shofirkor tumanlari faollari, mahalla raislari bilan uchrashdi. O‘tgan yili sodir bo‘lgan tabiiy ofat yodga olindi.

– 2020-yil Vatanimiz uchun, shu jumladan, Buxoro viloyati uchun juda katta sinovlar yili bo‘ldi. Bu yerda yuz bergan tabiiy ofat iqtisodiyotga, infratuzilmaga, odamlar 30-40 yillab qurgan uylariga katta talafot yetkazdi. Biz xalqimizning sabr-toqati, birdamligi, hamjihatligi bilan bu balolardan qudratli bo‘lib chiqamiz, deb niyat qilgandik, mana, shu natijalarga erishdik, – dedi Prezident.

Hech bir oila e’tiborsiz qoldirilmagani ta’kidlandi. Xususan, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida Olot, Qorako‘l va Jondordagi ehtiyojmand oilalarga qariyb 14 milliard so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi, buning uchun quyi tizimdagi rahbarlar uyg‘onishi, jon kuydirishi kerakligi aytildi.

– Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – xalqimizni ko‘proq eshitish, ertangi marralarni belgilashda to‘g‘ri yo‘l tutish. Tuman hokimlari va mahalla raislari o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytib, ularning yechimi bo‘yicha takliflarini bildirsa, niyatimiz amalga oshadi, – dedi davlat rahbari.

Hududlarni rivojlantirish dasturi hamda kambag‘allikni qisqartirish rejalari mahallabay tizim asosida ishlab chiqilishi ta’kidlandi.

– Mahalla raisi qachon obro‘li bo‘ladi? Xalq dardini rahbarlarga lo‘nda qilib qo‘ysa. Hamma masala avvalo mahallada hal bo‘lsagina odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yil yoshlar va oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun Qorako‘l tumaniga 36 milliard so‘m, Olot tumaniga 21 milliard, Jondor tumaniga 49 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Qorako‘l kasb-hunarga o‘qitish markazida 980 nafar ishsiz va chet elda ishlash istagi bo‘lgan fuqarolar turli kasblarga o‘qitiladi.

2021-2022-yillarda Olotda 42 ta, Qorako‘lda 56 ta, Jondorda 67 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Olotda loyiha qiymati 20 million dollar bo‘lgan logistika markazi, Qorako‘lda oltingugurtni qayta ishlash korxonasi, Jondorda keramik plitalar ishlab chiqarish ob’ekti ishga tushiriladi. Kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar bor. Joriy yilda 18 kilometr melioratsiya tarmoqlari qurilib, Janubiy Olot xo‘jaliklararo kollektori rekonstruksiya qilinadi. Natijada foydalanishdan chiqqan yerlar qayta o‘zlashtirilib, bozorbop mahsulotlar yetishtiriladi.

Prezidentimiz ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Xususan, Olot tumanida kinoteatr va kutubxonani o‘z ichiga olgan Ma’naviyat va madaniyat markazi qurilishi qayd etildi. Shuningdek, maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasalari, ijtimoiy xizmat ob’ektlari barpo etiladi.

Bu yil Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabi rekonstruksiya qilinib, 200 o‘rinli yotoqxona qurilishi ta’kidlandi. Bu dargohning iqtidorli yoshlari IT sohasiga jalb qilinadi.

Jahon banki ishtirokidagi Olot va Qorako‘l tumanlari ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 139 million dollarlik loyiha yakunlanib, 265 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu ikki tumanda 30 yilda ichimlik suvi ta’minoti 17 foiz bo‘lgan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda mahalliy aholining murojaatlarini inobatga olib, Olot-Toshkent temir yo‘l qatnovi qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Bugun butun mamlakatda uyg‘onish davri. Loqaydlik, o‘zibo‘larchilik bilan o‘zgarish bo‘lib qolmaydi. Xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga ko‘maklashish, tinimsiz intilish va mehnatgina natija keltiradi. Uchrashuv mana shunday ruhda o‘tdi.