Tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish “bir darcha”da amalga oshiriladi

Автор: | 27.06.2019
image_pdfimage_print

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-sentyabrdagi PQ-2412-son qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini tashkil etish tasdiqlandi.

Mazkur qarorga muvofiq, tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari negizida tadbirkorlik subyektlariga “bir darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, vazirlik, davlat qo‘mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan “bir darcha” xizmatlari 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘z faoliyatini tugatadi.

“Bir darcha” markazlari faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

“bir darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibotlaridan o‘tishning shaffofligini ta’minlash;

davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratik g‘ov va to‘siqlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;

ariza beruvchilarga axborot yordami, shu jumladan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul maslahat taqdim etish.

Qaror bilan “bir darcha” markazlarining 8-18 kishidan iborat cheklangan xodimlar soniga ega namunaviy tuzilmasi tasdiqlanib, unga ko‘ra markazlar quyidagi tarkibiy bo‘linmalardan iborat bo‘ladi:

“bir darcha” markazi direktori;

hujjatlarni qabul qilish va taqdim etish bo‘limi (2-3 kishi);

davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi (3-10 kishi);

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektori (1-2 kishi);

telefon xizmati sektori — “call-markaz” (1-2 kishi).

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oylik muddatda “bir darcha” markazlarini yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirishni ta’minlash topshirildi.

Qaror bilan faqatgina “bir darcha” markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan 16 turdagi davlat xizmatlari ro‘yxati tasdiqlandi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash, qurilishga ruxsat olish, yer uchastkalari, ko‘chmas mulkka huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, savdo sohasida ayrim ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va boshqalar.

Shu bilan birgalikda, Vazirlar Mahkamasiga vakolatli vazirlik va idoralar takliflari asosida tasdiqlangan ro‘yxatni yangi turdagi davlat xizmatlari bilan bosqichma-bosqich to‘ldirib borish huquqi berildi.

“Bir darcha” markazlari 2016-yilning 1-yanvaridan kechikmagan holda o‘z faoliyatini boshlashi lozim. Shu vaqtdan e’tiboran vazirliklar, davlat qo‘mitalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga “bir darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun tadbirkorlik subyektlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri arizalar qabul qilish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun “bir darcha” markazlariga murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlarini ularning arizalarini ko‘rib chiqish jarayoniga taklif etish taqiqlanadi.

Qaror bilan “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning, shu jumladan ro’yxatdan o‘tkazish, ruxsatnoma va litsenziyalar berish tartibotlarining qonunchilik bilan belgilangan tartibini qiyinlashtiruvchi turli shakllarni hamda xususiy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa byurokratik g‘ovlarni qo‘llash qat’iyan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalariga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan mazkur talabga so‘zsiz amal qilinishi bo‘yicha javobgarlik yuklatildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilning 1-noyabriga qadar, “bir darcha” markazlarini 1 Mb/s dan kam bo‘lmagan tezlikda Internetdagi ma’lumotlar uzatishning milliy segmenti tarmog‘iga ulashni ta’minlash topshirildi. Shu bilan birga, Adliya vazirligiga “bir darcha” markazlarining axborot resurslariga kirish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlaridan o‘tish jarayonlarini nazorat qilish imkoniyati taqdim etiladi.

“Bir darcha” markazlari faoliyatini tashkil etish hamda ular orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash maqsadida, qaror bilan joriy yilning 1-oktyabridan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tanlov asosida 2-3 ta tumanida tajriba (sinov) tartibida “bir darcha” markazlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari joriy yilning 15-noyabriga qadar, tashkil etilayotgan barcha “bir darcha” markazlarini ularni muhandislik tarmoqlariga (elektr va suv ta’minoti, telefon aloqasi va hokazo) ulagan holda arizachilar qatnashi uchun eng qulay joyga joylashtirilishini ta’minlaydilar.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-dekabriga qadar, “bir darcha” markazlarining zamonaviy tashkiliy texnikalar, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanganlik holatini xatlovdan o‘tkazib, ularning samarali ishlashi uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jihozlashni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Murojaatning kelib tushish joyi va usulidan qat’i nazar, “bir darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlari idoralararo elektron o‘zaro aloqa tizimidan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishlari belgilab qo‘yildi.

Mazkur tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida, tegishli kompyuter jihozlarini sotib olish va davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlarining tuman (shahar) tizimlarini Internet tarmog‘iga bepul ulash uchun 2015-yil IV choragida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘larni ajratish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur “bir darcha” yagona markazlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-4725-son Farmonida ko‘zda tutilgan edi.

Матнда хатолик топсангиз, уни белгилаб Ctrl+Enter. тугмаларини босинг!

Бу пост канчалик фойдали булди?

Бахолаш учун юлдузни босинг!

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *